Savollarga javoblar
Davlat tibbiy sugʼurtasi nima degani?
Sugʼurta soʼzi koʼpchilikda majburiy, foydasiz narsa, nega kerak, degan salbiy reaksiya beradi. Negaki, koʼp hollarda sugʼurta majburiy boʼlib, odamlar sugʼurta kompaniyalariga tegishli miqdorda mablagʼ toʼlab, sugʼurta polislari sotib oladi. Unda koʼrsatiladigan xizmatlar aks etgan boʼladi. Hamma narsani sugʼurta qilish mumkin. Oddiy qilib aytsak, sugʼurta maʼlum bir mablagʼ evaziga seni saqlaymiz, kafolatlangan xizmat koʼrsatamiz, degan maʼnoda tushuniladi. Endilikda davlat hisobidan har bir fuqaroning salomatligi sugʼurta qilinmoqda. Biroq bunda aholi pul toʼlamaydi. Davlat har bir bosqichda avvalgi kabi tibbiy xizmatni bepul kafolatlaydi. Shundan sugʼurta maʼnosi kelib chiqmoqda. Bizning vazifamiz esa davlatning puli evaziga aholining sogʼligʼini saqlash. Davlat aholiga koʼrsatiladigan tibbiy xizmatni kafolatlayapti. Аslida ham biz davlat tibbiyoti bepul deganimiz bilan u tekin boʼlmagan. Buning uchun davlat byudjet mablagʼlaridan toʼlab kelingan.
Oldin ham Davlat byudjet mablagʼlaridan tibbiy xizmatlar uchun mablagʼ ajratilardi. Endi nima oʼzgaradi?
Аslida, hech narsa oʼzgarmaganday, faqat murojaat tartibi oʼzgardi. Аvvallari bemor tor doira shifokoriga murojaat qilib ketavergan boʼlsa, endi bunday boʼlmaydi. Аvvalo, har bir inson oʼz hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktirilgan boʼlishi kerak. Fuqaro oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni roʼyxatga olish, shifokorga kirishi, tahlillardan oʼtishi barchasi nazoratga olinadi. Kafolatlangan xizmatlar tekin. Biroq, uning tekinligini taʼminlashning shartlari, standartlari, hajmi bor. Kuzatadigan boʼlsak, aholi oilaviy shifoxonaga bir necha sabablarga koʼra kelishi mumkin – profilaktika uchun, nimadir bezovta qilsa yoki hamshira chaqirganda, emlashga. Аgar fuqaro eshikdan kirib boshim ogʼridi, desa doktor uning qon bosimini oʼlchaydi, qonini tahlil qilish, qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga yuboradi. Shunda ham oilaviy shifokor tashxis qoʼyishga ikkilansa, bemorni tor soha doktorlari, misol uchun, kardiologga yoʼllanma yozib, koʼp tarmoqli shifoxonaga yuboradi. Shu tariqa tashxis qoʼyiladi va kerakli dorilar yozib beriladi. Jarrohlik amaliyoti kerak boʼlsa, xizmatlar doirasi kengayib boraveradi. Shu tariqa har bir muassasada tibbiy xizmatlar roʼyxati shakllantiriladi. Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi boʼyicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq, tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʼrsatiladi.